
G‘azo hududida tashkil etilayotgan Xalqaro barqarorlashtirish kuchlariga besh davlat o‘z harbiylarini yuborishga rozi bo‘ldi. Bu haqda kuchlar qo‘mondoni, general-mayor Jasper Jeffers ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters.
Uning aytishicha, Indoneziya, Marokash, Qozog‘iston, Kosovo va Albaniya xalqaro xavfsizlik kuchlari tarkibida xizmat qilish uchun qo‘shin ajratadi. Misr va Iordaniya esa politsiya xodimlarini tayyorlash majburiyatini olgan.
Ma’lumotga ko‘ra, kuchlar dastlab G‘azoning janubidagi Rafa hududiga joylashtiriladi. U yerda mahalliy politsiya o‘qitiladi. Keyinchalik faoliyat bosqichma-bosqich boshqa hududlarga kengaytiriladi.
Uzoq muddatli rejaga ko‘ra, 20 ming nafar harbiy va 12 ming nafar politsiya xodimini tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston, Ozarbayjon, BAA, Marokash, Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni, O‘zbekiston va Kuvayt G‘azoga yordam paketi uchun jami $7 mlrddan ortiq moddiy yordam ajratdi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Tinchlik kengashining birinchi sammitidagi nutqida Kengash faoliyati G‘azo sektorini iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan qayta tiklash uchun zarur sharoit yaratishga xizmat qilishi muhimligini ta’kidladi. O‘zbekiston esa bu jarayonda G‘azoda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktablar hamda shifoxonalar qurilishiga imkon qadar hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.