Surxondaryoda hokim o‘rinbosari, Namanganda esa hokim yordamchisi pora bilan qo‘lga tushdi

Surxondaryoda hokim o‘rinbosari va Namanganda hokim yordamchisining pora bilan bog‘liq noqonuniy harakatlari fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Xususan, Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari xizmat mavqeidan foydalangan holda, hokimlik zaxirasidagi 9 gektar yer maydonini 4 oyga ijaraga berish evaziga 90 mln so‘m talab qilgan.
U joriy yil yanvar oyida 30 mln so‘mni olgan. DXX va Departament xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs qolgan 60 mln so‘mni Termiz shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda tergov davom etmoqda.
Shuningdek, Namangan viloyati Chust tumani hokimining mahalladagi yordamchisi 2022-yilda «Sadaqa» kichik sanoat zonasidan qarindoshiga ajratilgan 43 sotix yerning 20 sotix qismini boshqa fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga $23 ming talab qilgan.
U $10 mingni olayotgan vaqtida DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Ushbu holat bo‘yicha unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Qizilqum» bosh murabbiyi 20 million so‘m pora bilan qo‘lga tushgandi. Bosh murabbiy o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, Nurota tumanida yashovchi 2008-yilda tug‘ilgan o‘smirdan asosiy tarkibga qabul qilinish evaziga 20 mln so‘m talab qilgan.