Banklar va moliya

TBC Uzbekistan 2025-yilda operatsion daromadini 64 foizga oshirdi

Sof foyda 581 mlrd so‘mni tashkil etdi
TBC Uzbekistan 2025-yilda daromadini 64 foizga oshirdi
Foto: TBC Uzbekistan

TBC Uzbekistan 2025-yil uchun moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) bo‘yicha natijalarini taqdim etdi. 2025-yilda umumiy operatsion daromad 64 foizga oshib, 3,17 trln so‘mga yetdi. Sof foyda 581 mlrd so‘mni tashkil etdi.

TBC Bank raqamli banki, payme to‘lov xizmati, TBC Nasiya bo‘lib to‘lash xizmati, TBC Sug‘urta raqamli sug‘urta kompaniyasi, shuningdek, chakana savdoni avtomatlashtirish uchun SaaS BILLZ platformasini o‘z ichiga olgan ekotizim.

Kompaniyaga ko‘ra, 2025-yildagi o‘sish asosan auditoriyaning ko‘payishi, chakana mahsulotlarga bo‘lgan yuqori talab va TBC Biznes yo‘nalishining faol rivojlanishi bilan bog‘liq.

Asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlar

2025-yilda kredit portfeli 41 foizga o‘sib, 11,4 trln so‘mga yetdi. Depozitlar hajmi esa 38 foizga oshib, 6,68 trln so‘mni tashkil etdi.

To‘lovlar hajmi 61 foizga o‘sib, 114,45 trln so‘mga yetdi. Hozir TBC Bank va payme mamlakatdagi barcha to‘lovlarning 20 foizini amalga oshirmoqda.

Jadval: TBC Uzbekistan

Ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 23 mlnga yetdi. Bu 2024-yilga nisbatan 25% ko‘p. Oylik faol foydalanuvchilar soni 6 mlnni tashkil etdi.

Chakana mahsulotlar o‘sishi

2025-yil oxiriga kelib 950 ming dona TBC Salom debet kartasi va 146 ming dona TBC Osmon kredit kartasi chiqarildi. 2026-yil fevralida TBC Salom kartalari soni 1 mln donadan oshdi.

TBC Sug‘urta ishga tushirilganidan buyon 400 mingdan ortiq sug‘urta polisi rasmiylashtirildi. payme ilovasidagi kechiktirib to‘lash xizmati 2026-yil yanvarida 140 ming oylik faol foydalanuvchiga yetdi. POS-kreditlar portfeli 1,29 trln so‘mga yetdi.

Dekabr oyida payme plus va TBC Plus obuna xizmatlarining oylik faol foydalanuvchilari 708 ming nafarga yetdi.

Kichik va o‘rta biznes yo‘nalishi

TBC Uzbekistan kichik va o‘rta biznes segmentini faol rivojlantirmoqda. 2025-yil dekabr holatiga ko‘ra, biznes mijozlar soni 55 ming nafarga yetdi.

2025-yil aprelida biznes kreditlari ishga tushirildi. Yil oxiriga kelib biznes kreditlari portfeli 1,83 trln so‘mga yetdi.

Shuningdek, kompaniya BILLZ platformasining nazorat paketini sotib oldi. 2025-yil oxiriga kelib BILLZ platformasida 3,5 ming brend va 5,5 ming do‘kon ro‘yxatdan o‘tgan. Platforma orqali yillik savdo hajmi 17,5 trln so‘mni tashkil etdi.

Texnologiya va sun’iy intellekt

2025-yil oxiriga kelib sun’iy intellekt agentlari kredit bo‘yicha eslatma qo‘ng‘iroqlarining 90 foizini qayta ishladi. Savdo botlari oyiga 100 mingdan ortiq mijoz bilan muloqot qildi.

Sotuv bo‘yicha chatbotning muvaffaqiyatli ishga tushirilishidan soʻng, TBC Bank  birinchi ovozli savdo botini ham taqdim etdi va SI yordamchisi Lolani Friends & Family rejimida o‘z ilovasiga qoʻshdi.

Ilovalarda yangi dizayn va CRM tizimi joriy etildi. Mijozlar qo‘ng‘iroqlarining 90 foizi 30 soniya ichida qabul qilinadi. 97% murojaatlar birinchi qo‘ng‘iroqda hal qilinadi. Mijozlar qoniqish indeksi 4,8 ballni tashkil etdi.

TBC Uzbekistan rahbari Nika Kurdianining aytishicha, 2026-yilda biznes yo‘nalishini kengaytirish va sun’iy intellektni yanada rivojlantirish asosiy ustuvor vazifa bo‘ladi.

«TBC Biznes yoʻnalishini mustahkamlash 2026-yilda bizning asosiy ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi. Sotuvchilarni keng koʻlamli chakana auditoriyamiz bilan bogʻlash orqali biz ekotizim ichidagi sinergiyani kuchaytiramiz va yangi oʻsish imkoniyatlarini yaratamiz. Biz sun’iy intellektni butun ekotizimda keng joriy etish orqali texnologik yetakchilikni oshirishda va mijozlarga xizmatni yaxshilashda davom etamiz», – deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sharof Sharipov TBC Digital bosh moliya direktori etib tayinlangani haqida xabar berilgandi. TBC Digital TBC Uzbekistan ekotizimidagi barcha bizneslarni birlashtiruvchi boshqaruvchi kompaniya hisoblanadi.