
WhatsApp endi foydalanuvchilarga yangi guruh a’zolarini tezroq kontekstga kiritish imkonini beruvchi Guruh xabari tarixi funksiyasini ishga tushirdi. Meta kompaniyasining aytishicha, bu foydalanuvchilar tomonidan eng ko‘p so‘ralgan funksiyalardan biri edi.
Endi yangi a’zo guruhga qo‘shilganda, unga so‘nggi 25 dan 100 gacha bo‘lgan xabarlarni yuborish imkoniyati mavjud. Bu yangi a’zolarga faqat eng muhim va so‘nggi kontekstni ko‘rib chiqishga yordam beradi. Butun guruh esa oldin yuborilgan xabarlarni osongina ko‘rishi mumkin.

Xabar tarixi yuborilganda guruhdagi barcha a’zolar xabardor qilinadi, yuborilgan vaqt va jo‘natuvchi ma’lumotlari aniq ko‘rsatiladi. Xabar tarixi oddiy xabarlar bilan vizual jihatdan farqlanadi.
Meta ta’kidlaganidek, xabar tarixi avtomatik tarzda yuborilmaydi. Yangi a’zo qo‘shilganda alohida amal bajarilishi talab etiladi. Shuningdek, administratorlar istasa, guruh xabari tarixini butunlay o‘chirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq WhatsApp yangi funksiyalarni ichiga olgan yangilanishni taqdim etgan edi.