AYOQShlarda benzin sifatini tekshiruvchi uskunalar o‘rnatiladi

O‘zbekistondagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida iste’molchilarga neft mahsulotlari sifatini mustaqil tekshirish imkonini beruvchi maxsus uskunalar o‘rnatiladi. Ushbu chora «O‘zbekiston-2030» strategiyasi doirasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Shoxobchalarni tegishli uskunalar bilan jihozlash jarayoni 2026-yildan boshlanadi. Rejaga ko‘ra, dastlabki yil yakuniga qadar mamlakatdagi obyektlarning 10 foizini qamrab olish maqsad qilingan.
Keyingi yillarda uskunalar o‘rnatish ko‘rsatkichi bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Xususan, jihozlanish darajasi 2027-yilda 25 foizga, 2028-yilda 50 foizga hamda 2029-yilda 75 foizga yetkazilishi belgilangan.
2030-yilga kelib esa barcha yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sifatni tekshiruvchi qurilmalar mavjud bo‘ladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ishlarni to‘liq xususiy sektor mablag‘lari hisobidan amalga oshirish rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namanganda sifatsiz benzin sotgan AYOQSh jarimaga tortilgani haqida xabar bergan edi.