
Namangan viloyatining Pop tumanida joylashgan «Z.O.T.» MChJga qarashli AYOQShda sifatsiz Ai-92 markali avtobenzin sotilayotgani aniqlandi. Bu haqda O‘zenergoinspeksiya xabar bermoqda.
O‘zenergoinspeksiya tomonidan o‘tkazilgan laboratoriya tahlillari natijasiga ko‘ra, mazkur shoxobchadagi Ai-92 markali avtobenzin davlat standart talablariga mos kelmasligi tasdiqlangan. Natijada shoxobchaga realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining 50 foizi miqdorida jarima qo‘llanildi.
Inspeksiya tomonidan AYOQSh mas’ullariga qoldiq sifatida saqlanayotgan sifatsiz neft mahsulotlarini sotuvga chiqarmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Shuningdek, mahsulot sifatini qonunchilikda belgilangan tartibda qayta tiklash majburiyati yuklatilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buxoroda sifatsiz yoqilg‘i sotgan «zapravka»larga iqtisodiy sanksiya qo‘llangani haqida xabar bergan edi.