Navoiyda 1100 dona o‘q-dori musodara qilindi

eʼlon qilindi
G‘ijduvonlik shaxs avtomobili va uyidan noqonuniy saqlanayotgan 5,6 mm kalibrli patronlar topildi
Foto: REIBERT.info

Navoiy viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda jami 1100 dona noqonuniy saqlanayotgan o‘q-dori musodara qilindi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi, 1989-yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli Oniks rusumli avtotransport vositasi to‘xtatib tekshirilgan. Avtomashina yukxonasidan otish uchun yaroqli bo‘lgan 500 dona 5,6 mm kalibrli patronlar topilgan.

Tadbir davomida gumonlanuvchining yashash xonadoni ham ko‘zdan kechirilgan va u yerdan qo‘shimcha 600 dona xuddi shunday kalibrdagi patronlar ashyoviy dalil sifatida olingan. Jami 1100 dona o‘q-dori tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 248-moddasi (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Rasmiylar tegishli litsenziya yoki ruxsatnomasi bo‘lmagan qurol va o‘q-dorilarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan fuqarolar javobgarlikdan ozod etilishini eslatib o‘tgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent shahrida yana bir narkolaboratoriya fosh qilingani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek