
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) O‘zbekiston tarixida birinchi marta NexaGrid kompaniyasiga kriptovalyuta mayningi bilan shug‘ullanish huquqini berdi.
NexaGrid kompaniyasi 600 mln so‘m ustav fondiga ega bo‘lib, kompyuter uskunalarini boshqarish faoliyati bilan shug‘ullanadi. Uning ta’sischilari Toymurod Sultonov (63%) va Mahmudjon Rozimurodov (37%) hisoblanadi.
ILMA tasdiqlagan nizomga ko‘ra, mayning faqat yuridik shaxslar tomonidan va asosan quyosh elektr stansiyalari energiyasi yordamida amalga oshirilishi kerak. Yagona elektr tarmog‘iga ulangan taqdirda, energiya to‘lovlari ikki baravar tarif asosida undiriladi va qo‘shimcha ustamalar qo‘llanadi. Arizalar asosida beriladigan ruxsatnoma besh yil muddatga bepul rasmiylashtiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bitkoin 15 oylik minimum 64,8 ming dollarga tushgani haqida xabar bergan edi.