Sport

Shomurodovning goli «Istanbul Bashakshehir»ga g‘alaba keltirdi

Eldor Shomurodov Turkiya chempionati to‘purarlari peshqadamiga aylandi
Eldor Shomurodov / Foto: O‘FA

Turkiya Superligasining 23-turi doirasida «Istanbul Bashakshehir» mehmonda «Alanyaspor» ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdagi hal qiluvchi gol o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov tomonidan kiritildi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/02/eldor-gol.mp4

O‘yinning 14-daqiqasida Devi Zelke mehmonlarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 44-daqiqada Abbosbek Fayzullayev ishlagan penaltini Eldor Shomurodov muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Bu hujumchining joriy mavsumdagi 16-goli bo‘ldi. Ushbu natija evaziga u to‘purarlar ro‘yxatida «Trabzonspor» vakili Pol Onuachuga yetib oldi. Hozirda aynan shu ikki futbolchi musobaqa to‘purarlari poygasini boshqarmoqda.

Foto: Telegram / Xayrulla Hamidov

Uchrashuvning ikkinchi bo‘limida, aniqrog‘i 67-daqiqada «Alanyaspor» a’zosi Florent Xadergyonay hisobni qisqartirishga erishdi. Ammo bu mezbonlarni mag‘lubiyatdan qutqarib qola olmadi. O‘zbekistonlik legionerlardan Eldor Shomurodov 70-daqiqada Onur Ergyunga, Abbosbek Fayzullayev esa 71-daqiqada Usseynu Baga almashtirildi.

Foto: X.com / Istanbul Bashakshehir

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eldor Shomurodov Turkiya Superligasida mavsumdagi 14-golini kiritgani haqida xabar bergan edi.