Yangiliklar

Tojikiston klinikasi O‘zbekistondan kelgan organ savdogarlari bilan aloqadorligini rad etdi

Dushanbedagi markaz noqonuniy transplantatsiya amaliyotlari o‘tkazilmaganini ma’lum qildi
Foto: Tojikiston SSV

Tojikiston inson organlari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish milliy ilmiy markazi o‘zbekistonliklar ishtirokidagi noqonuniy organ ko‘chirib o‘tkazish operatsiyalariga aloqadorligini rad etdi. Bu haqda Aziya-Plyus nashri xabar bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Dushanbedagi Istiqlol klinikasida noqonuniy amaliyotlar o‘tkazishni tashkil etganlikda gumon qilingan er-xotinni qo‘lga olganini va jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini xabar qilgan edi.

Istiqlol muassasasi binosida joylashgan markaz vakillari ularning muassasasida hech qachon noqonuniy transplantatsiya operatsiyalari o‘tkazilmaganini ta’kidladi. Markaz direktori Saidmahmud Ismoilzodaning qayd etishicha, fuqaroligidan qat’i nazar, barcha bemorlar va ularning qarindoshlari Tojikiston qonunchiligiga qat’iy rioya qilishi shart.

Bemorlarning barcha hujjatlari maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqilishi majburiydir. Mutaxassislar materiallarning huquqiy va axloqiy jihatlarini baholaydi hamda har bir donor komissiya a’zolari bilan suhbatdan o‘tadi. Faqatgina ularning roziligi olinganidan so‘ng markazda buyrak yoki jigar ko‘chirib o‘tkazish operatsiyalari amalga oshiriladi.

«Agar hujjatlar komissiyada e’tiroz uyg‘otsa, barcha holatlar aniqlanmaguncha transplantatsiyaga tayyorgarlik to‘xtatiladi», – dedi markaz direktori.

Shuningdek, u tibbiyot xodimlari Tojikiston qonunchiligiga qat’iy amal qilishini, tashxis qo‘yish hamda qaror qabul qilishning barcha bosqichlari to‘liq hujjatlashtirilishini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Farg‘onada yirik firibgarlik guruhi fosh etilgani haqida xabar bergan edi.