Uchtepa tumanidagi qurilish mollari bozorida yong‘in yuz berdi

eʼlon qilindi
Yong‘in oqibatida 200 kvadrat metr maydon zararlangan
Foto: Xabar.uz

21-fevral kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanida joylashgan qurilish mahsulotlari bozorida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar aniqlanmagan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.

Yong‘in haqidagi xabar 112 tizimiga soat 05:09 da kelib tushgan. Qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga 05:18 da yetib borib, yong‘in soat 06:00 da to‘liq o‘chirilgan. Yong‘in natijasida bozor hududidagi 200 kvadrat metr maydonda joylashgan rom va eshik mahsulotlari yonib zararlangan. Qutqaruvchilarning aralashuvi evaziga bozorning 2000 kvadrat metr maydoni yong‘indan saqlab qolingan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 16-fevral kuni mazkur bozor Davlat yong‘in nazorati organi tomonidan tekshirilgan. Xavfsizlik qoidabuzarliklari aniqlangani sababli, bozor faoliyati to‘xtatilib, kamchiliklar bartaraf etilguniga qadar 3 kun muddatga elektr ta’minotidan uzilgan edi.

«Bozor ma’muriyati tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga aniqlangan barcha kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kafolat xati taqdim etgan. Biroq, ushbu qoidabuzarliklar o‘z vaqtida to‘liq bartaraf etilmagani oqibatida yong‘in kelib chiqqan», — deyiladi rasmiy bayonotda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sergelida avtobus yongani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek