
Ijtimoiy tarmoqlarda zargarlik buyumlarini bojxona chegarasidan olib o‘tish tartiblari muhokama qilinmoqda. Holat yuzasidan Bojxona qo’mitasi raisining matbuot kotibi Husan Tangriyev batafsil ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar 200 grammgacha kumush va 65 grammgacha oltin hamda boshqa qimmatbaho metallardan tayyorlangan zargarlik buyumlarini deklaratsiyasiz olib chiqishi mumkin. Agar miqdor bundan oshsa, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi to‘ldiriladi.
Bu yerda faqat tayyor, probasi mavjud zargarlik buyumlari nazarda tutiladi. Qolipda quyilgan oltin yoki qo‘lbola buyumlar bu toifaga kirmaydi. Yarim tayyor buyumlarni olib chiqish uchun Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi xulosasi talab etiladi.
Olib kirish tartibi qanday
Tangriyevga ko‘ra, olib kirish tartibi o‘zgargan. Endi 65 grammgacha oltinni alohida norma asosida olib kirish tartibi yo‘q. 2025-yil 1-maydan boshlab zargarlik buyumlari umumiy bojxona bojsiz olib kirish limitlari doirasida olib kiriladi. Bu limit havo transportida $1000, temir yo‘l va daryo transportida $500, avtomobil va piyoda o‘tish punktlarida $300 ni tashkil etadi.
Doimiy yashash joyiga ega (yoki ega emas) shaxslarning o‘zi bilan olib chiqib, keyin qayta olib kirgan shaxsiy foydalanilgan buyumlariga bu cheklovlar tatbiq etilmaydi.
Tijorat maqsadida zargarlik buyumlari olib kiruvchilar uchun 2028-yil 1-sentabrgacha bojxona boji 2% etib belgilangan. Hujjati bo‘lmagan zargarlik buyumlarini ham boj to‘lab va yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirib qonuniylashtirish mumkin.
Shuningdek, 2026-yil 17-fevraldan 2027-yil 1-yanvargacha marvarid, olmos va boshqa qimmatbaho hamda yarim qimmatbaho toshlar uchun import boji bekor qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda oltin quymalarni 0,1 grammdan sotib olish imkoniyati yaratilgani haqida xabar qilingandi. Markaziy bankning Qimmatbaho metallarni saqlash va ular bilan ishlash xizmati bosh iqtisodchisi Muzaffar Pulatov fuqarolar uchun oltin investitsiyasi imkoniyatlari, onlayn oltin omonatlari va xavflar haqida ma’lumot berdi.