Yangiliklar

It bolalarining qulog‘ini yulib olgan shaxsga 10 sutka qamoq jazosi berildi

Fuqaro o‘z bayonotida qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirgan
It bolalarining qulog‘ini yulib olgan shaxsga 10 sutka qamoq jazosi berildi
Ekran tasviri videodan olindi

It bolalarining qulog‘ini yulib olgan shaxsga 10 sutka qamoq jazosi berildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda it bolalariga nisbatan shafqatsiz munosabat aks etgan video keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat Surxondaryo viloyati Sherobod tumani Mehnatobod mahallasida sodir bo‘lgani aniqlandi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va Ekologiya boshqarmasi o‘rganishiga ko‘ra, fuqaro o‘ziga tegishli uchta kuchuk bolasining quloq qismini qo‘l bilan yulib tashlagan va jarayonni videoga olib, ijtimoiy tarmoqqa joylagan.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/02/kuchuk-bollalari-tayyori-tg.mp4
Video: IIV

Mazkur holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi 2-qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, hujjatlar sudga yuborilgan. Sud qaroriga ko‘ra, fuqaro aybdor deb topildi va unga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Fuqaro o‘z bayonotida qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirgan va xalqdan uzr so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatidagi «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida fuqaro tomonidan O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Buxoro tog‘ qo‘yi noqonuniy ovlangani haqida xabar berilgandi. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi qaroriga asosan, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 412 mln so‘m deb baholangan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli surishtiruv ishlari olib borilmoqda.