Yangiliklar

Navoiy va Toshkent shaharlarida qalbaki valyuta savdosi bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi

Holatlar yuzasidan jinoyat ishi ochilgan
Navoiy va Toshkent shaharlarida qalbaki valyuta savdosiga chek qo‘yildi
Foto: Tech Startups

Navoiy va Toshkent shaharlarida qalbaki AQSh dollari hamda so‘m kupyuralarini muomalaga kiritishga uringan shaxslar tezkor tadbirlar davomida qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, Navoiy shahridagi tadbirda Namangan shahrida yashovchi shaxs Jizzax viloyatida tug‘ilgan, hozirda Toshkent shahrida yashovchi va ilgari bir necha bor sudlangan fuqaroga sherik bo‘lgan. Ular Turkiyadan Qirg‘iziston orqali olib kirilgan $100 lik kupyuralardagi $19,9 ming qalbaki pullarni $14 mingga sotayotgan vaqtida ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/02/qalbaki_valyuta.mp4
Video: DXX

Shuningdek, Toshkent shahridagi yana bir holatda Namangan viloyati Chust tumanida yashovchi shaxs poytaxtlik fuqaroni aldab, qalbaki $10 ming, 10 mln so‘m va 5 mln so‘mni $5,5 mingga sotmoqchi bo‘lgan.

Tezkor tadbir davomida u pul vositasi hisoblanmaydigan kupyuralarni sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi eng ommabop kupyura ma’lum bo‘lgandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda muomaladagi naqd pullar orasida 100 ming so‘mlik banknot eng ko‘p ishlatilayotgan kupyura bo‘lib qolmoqda.