
Nissan kompaniyasi Xitoyda eng ko‘p sotiladigan modellardan biri bo‘lgan Sylphy sedanining yangi avlodini 24-fevral kuni taqdim etadi. Bu haqda IT Home xabar berdi.
Yangi model butunlay yangilangan tashqi ko‘rinishga ega bo‘ladi. Dizayn Xitoy bozoridagi Pathfinder uslubiga yaqinlashtirilgan. Old qismida L-shaklidagi LED faralar o‘rnatilgan bo‘lib, ular radiator panjarasi bilan uyg‘unlashtirilgan. Avtomobil 16 dyuymli yangi dizayndagi disklar bilan jihozlanadi.

Ko‘plab raqobatchilar turbomotorlarga o‘tayotgan bir paytda, yangi Sylphy 1,6 litrli atmosfera dvigatelini saqlab qoladi. Dvigatel quvvati 135 ot kuchini tashkil etadi. U variator uzatma bilan ishlaydi. Maksimal tezlik 186 km/soat, o‘rtacha yonilg‘i sarfi esa 100 kmga taxminan 5,9 litrni tashkil etadi.
Hozirgi avlod Sylphy Xitoyda $16,5 ming narxda sotilmoqda. Yangi versiya ham narx jihatidan deyarli shu darajada qolishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nissan 2026-yilning eng ishonchli avtomobil brendlari Top-10 taligiga kirgandi. J.D. Power 2026-yilning eng ishonchli avtomobil brendlarini e’lon qildi. Tadqiqotga ko‘ra, so‘nggi uch yildagi avtomobillarda muammolar soni yana oshgan.