
Rossiyada qayta tiklangan «Volga» avtomobillari 2026-yilning uchinchi choragida sotuvga chiqadi. Shot nashriga ko‘ra, dastlab dilerlik markazlariga Volga C50 sedani yetib keladi. Uning narxi 4 mln rubldan ($52,2 ming) boshlanishi kutilmoqda.
Brend qatoridagi krossoverlar esa arzonroq bo‘ladi. Ularning boshlang‘ich narxi taxminan 3 mln rubl ($39,1 ming) atrofida bo‘lishi aytilmoqda.
Volga C50 Geely Preface asosida yaratilgan. U 2 litrli, 200 ot kuchiga ega JLH-4G20TDG dvigatel bilan jihozlanadi. Uzatmalar qutisi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan, biroq asl modelda 7 pog‘onali robot uzatma qo‘llaniladi.

Modellar qatorida Volga K40 krossoveri ham bo‘ladi. U Geely Atlas platformasida qurilgan va 1,5 hamda 2,0 litrli dvigatellar bilan, old g‘ildirakdan tortish tizimida taklif etiladi.
Flagman Volga K50 esa Geely Monjaro asosida ishlab chiqilgan. U 2 litrli 200 yoki 238 ot kuchiga ega dvigatellar va to‘liq g‘ildirakdan tortish tizimi bilan taqdim etiladi.
Ishlab chiqarishda ilgari Volkswagen Polo va Skoda Octavia modellari uchun qo‘llangan texnologiyalardan foydalanilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada qayta tiklanayotgan «Volga» brendi avtomobillari endi Geely asosida chiqarilishi haqida xabar berilgandi.