Yangiliklar

«Tolibon» sartaroshlarni mijozlarning soqolini kalta olgani uchun hibsga olmoqda

Shaharlarda axloq nazorati patrullari tashkil etilgan
Afg‘onistonda sartaroshlar mijozlarining soqolini kalta olgani uchun hibsga olinmoqda
Foto: Pexels

«Tolibon» Afg‘onistonda sartaroshlarni mijozlarining soqolini kalta olgani uchun hibsga olmoqda. Bu haqda France24 mahalliy manbalariga tayanib ma’lum qildi.

O‘tgan oyda Ezgulikni targ‘ib qilish va yomonlikning oldini olish vazirligi soqolni kamida bir musht uzunligidan kam qilmaslik majburiy ekanini ma’lum qilgan. Vazir Xalid Hanafiy hukumatning vazifasi millatni shariatga muvofiq tashqi ko‘rinishga yo‘naltirish ekanini ta’kidlagan.

Shu munosabat bilan shaharlarda axloq nazorati patrullari tashkil etilgan. AFP bilan suhbatlashgan sartaroshlar xavfsizlik sababli ismlarini oshkor etmaslikni so‘rashgan.

30 yoshli sartarosh o‘z xodimlaridan biri mijozga «g‘arbcha» soch turmagi qilgani sababli uch kecha hibsda saqlanganini aytgan. U avval sovuq zalda, so‘ngra sovuq konteynerda ushlangan. Keyinchalik ayblov qo‘yilmasdan qo‘yib yuborilgan.

Sartaroshlar aytishicha, vazirlik xodimlari bilan tortishish mumkin emas. Ayrim hollarda mijozlar qo‘yib yuboriladi, ammo sartarosh hibsda qoladi. BMT hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yili Kunar viloyatida uch nafar sartarosh vazirlik qoidalarini buzgani uchun uch oydan besh oygacha qamoqqa olingan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Afg‘onistondagi erkaklarga xotinlarini kaltaklashga rasman ruxsat berilgani haqida yozgan edi.