AQSh 46 yildan keyin yana xokkey bo‘yicha Olimpiya chempioniga aylandi

23-fevral 2026 12:17 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: Bruce Bennett / Getty Images

Italiyada bo‘lib o‘tgan 2026-yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarida AQSh erkaklar xokkey jamoasi finalda Kanadani mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. 22-fevral kungi hal qiluvchi bahs AQSh jamoasiga 1980-yildan beri ilk oltin medalni taqdim etdi.

Asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlangach, qo‘shimcha vaqtning ikkinchi daqiqasida Jek Xyuz jamoasiga g‘alaba keltiruvchi golni kiritdi. AQSh darvozaboni Konnor Xellebuyk o‘yin davomida jami 41 ta zarbani qaytarishga muvaffaq bo‘lgan.

Foto: olympics.com

«Golning unchalik ahamiyati yo‘q, bu shunchaki ajoyib jamoaviy g‘alaba bo‘ldi», – dedi Jek Xyuz o‘yindan so‘ng.

Kanada jamoasi kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin uchun bahsda Finlyandiya Slovakiyani 6:1 hisobida mag‘lub etib, bronza medaliga ega chiqdi. Qayd etish joizki, avvalroq AQSh ayollar xokkey jamoasi ham xuddi shunday 2:1 hisobida Kanada ustidan g‘alaba qozonib, chempion bo‘lgan edi.

Foto: Gregory Shamus / Getty Images

G‘alabadan so‘ng amerikalik xokkeychilar 2024-yil avgust oyida avtohalokat oqibatida vafot etgan sobiq jamoadoshi Jonni Godro xotirasini yodga oldi. Marhum sportchining formasi turnir davomida AQSh jamoasi kiyinish xonasida saqlangan va uchrashuv yakunlangach, muz ustiga olib chiqildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Belarus prezidentini xokkeyda yiqitishgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek