
«Arsenal» Shimoliy London derbisida 4:1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi. O‘yinda Eberechi Eze va Viktor Gyokeres ikkitadan gol kiritib, jamoasining muvaffaqiyatini ta’minladi.
O‘yinning 31-daqiqasida Bukayo Sakaning uzatmasidan so‘ng Eberechi Eze hisobni ochdi. Oradan atigi 2 daqiqa o‘tib, Randal Kolo Muani mezbonlar safida muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilanoq Viktor Gyokeres «Arsenal»ni yana oldinga olib chiqdi.
Uchrashuvning 60-daqiqasida Eze o‘zining ikkinchi golini kiritdi. Bu natija orqali u so‘nggi 90 yil ichida bir mavsumda «Tottenhem» darvozasiga 5 ta gol urgan birinchi «Arsenal» futbolchisiga aylandi. Eze birinchi davradagi qarama-qarshilikda xet-trik qayd etgan edi. Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan 93-daqiqada Gyokeres o‘z dublini rasmiylashtirib, o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi.

Ushbu g‘alaba «Arsenal» uchun 1955-yildan beri «Tottenhem» maydonidagi ketma-ket 4-yutuq bo‘ldi. Shuningdek, jamoa turnir jadvalida o‘z ta’qibchilaridan 5 ochkoga o‘zib ketdi. «Tottenxem» esa xavfli hududdan atigi 4 ochko farq bilan 16-o‘rinda bormoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Arsenal» chempionlik poygasida ochko yo‘qotgani haqida xabar bergan edi.