
O‘zbekistonda atom stansiyasida vodorodli portlashdan himoya talablari muhokamaga qo‘yildi. Loyiha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro zaxiralari qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan.
Yangi talablar VVER tipidagi reaktorlarga ega atom elektr stansiyalariga tatbiq etiladi. Hujjat atom stansiyalarini loyihalash, qurish va foydalanish qilish jarayonida germetik to‘siq bilan chegaralangan hajmlarda hosil bo‘lishi mumkin bo‘lgan vodorod saqlovchi aralashmalarning portlashi oldini olish va uning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan.
Talablarga ko‘ra, foydalanish tashkiloti normal ish jarayonida hamda avariya holatlarida vodorod saqlovchi aralashmalar hosil bo‘lishining oldini olish choralarini ko‘rishi shart. Ayniqsa, deflagratsiya va detonatsiya xavfini kamaytirish uchun faol va passiv himoya tizimlari qo‘llanadi.
Hujjatda vodorod hosil bo‘lish manbalari aniq belgilangan. Jumladan, reaktor zonasida suvning radiolizi, bug‘-sirkoniy reaksiyasi, suvning issiqlik dissotsiatsiyasi, konstruksion materiallar korroziyasi va boshqa texnologik jarayonlar asosiy xavf omillari sifatida ko‘rsatilgan.
Atom stansiyasi loyihasida vodorod saqlovchi aralashmalarni yoqish, suyultirish, chiqarish yoki aralashtirishga mo‘ljallangan maxsus tizimlar nazarda tutilishi lozim. Germetik to‘siq ichidagi xonalarda vodorod konsentratsiyasini doimiy nazorat qilish uchun o‘lchov va signalizatsiya uskunalari o‘rnatilishi shart.
Shuningdek, vodorod aralashmalari portlashi ehtimoli mavjud hududlarda mexanik va issiqlik yuklamalariga chidamli konstruksiyalar qo‘llanishi talab etiladi. Barcha tizimlar metrologik tekshiruvdan o‘tkazilgan va loyiha asosida attestatsiyadan o‘tgan bo‘lishi kerak.
Foydalanish jarayonida vodorodli portlashdan himoya tizimlari bo‘yicha alohida yo‘riqnomalar ishlab chiqiladi. Ular texnik xizmat ko‘rsatish, rejali ta’mirlash, tekshiruv va nazorat tartibini belgilaydi. Tizimlar ta’mirdan so‘ng loyiha parametrlari asosida sinovdan o‘tkaziladi.
Loyiha 5-martgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» O‘zbekistonda radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi tashkil etilishi haqida yozgan edi.