
«Barselona» Ispaniya chempionatining 25-turida «Levante»ni 3:0 hisobida mag‘lub etib, turnir jadvalida yana birinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Uchrashuvdagi hisobni 4-daqiqada Mark Bernal ochdi. U burchak zarbasidan so‘ng Erik Garsiadan to‘pni qabul qilib, raqib darvozasiga aniq yo‘lladi. 32-daqiqada esa Frenke de Yong hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. E’tiborlisi, De Yong so‘nggi bor 2025-yilning yanvar oyida «Valensiya»ga qarshi o‘yinda gol urgandi.

O‘yinning 81-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan Fermin Lopez taxminan 25 metrdan kuchli zarba bilan darvozaning yuqori burchagini ishg‘ol qilib, yakuniy hisobni o‘rnatdi. «Barselona» oxirgi o‘yinlarda «Atletiko Madrid» va «Jirona»ga mag‘lubiyatga uchragan edi.

Shuningdek, ushbu uchrashuvda mezbonlarning jarohatdagi qator futbolchilari safga qaytdi. Gavi umumiy mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lsa, Markus Reshford va Pedri qaydnomadan joy oldi. Bahsning 66-daqiqasida Mark Bernal o‘rniga Pedri maydonga tushirildi.

Ma’lumot uchun, 25-turdan keyin 61 ochko to‘plagan «Barselona» turnir jadvalini boshqarmoqda. Madridning «Real» klubi 60 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bo‘lsa, kuchli uchlikni 51 ochko bilan «Villarreal» egalladi. To‘purarlar ro‘yxatida esa 23 gol bilan Kilian Mbappe yetakchilik qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kataloniya derbisida «Barselona» «Jirona»ga imkoniyatni boy bergani haqida xabar bergan edi.
