Lifestyle

Britaniyalik ayolga qahvaxona tomonidan 85 kvadrillion dollar sovg‘a qilindi

Sofi Dauning 10 funtlik sovg‘a kartasi orqali matcha-latte to‘lamoqchi bo‘lgan
Britaniyalik ayolga qahvaxona tomonidan 85 kvadrillion dollar sovg‘a qilindi
Britaniyalik ayolga qahvaxona tomonidan 85 kvadrillion dollar sovg‘a qilindi / Foto: Nottingham Post/ Joel Moore

Buyuk Britaniyaning Nottingem shahridagi 200 Degrees qahvaxonasida oddiy xarid paytida ayolning sovg‘a kartasiga tasodifan 63 kvadrillion funt sterling (taxminan $85 kvadrillion) yozib qo‘yildi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.

Hodisa qahva xarid qilish jarayonida sodir bo‘lgan. Sofi Dauning 10 funtlik sovg‘a kartasi orqali matcha-latte to‘lamoqchi bo‘lgan. Biroq chekda kartadagi qolgan mablag‘ 63 011 900 191 687 378 funt sterling ekani ko‘rsatilgan. Bu summa hatto dunyoning eng boy odami Ilon Mask boyligidan 106 ming barobar ko‘p ekani aytilmoqda.

Foto: Nottingham Post/ Joel Moore

Qahvaxona vakillari BBC’ga bergan izohida bu holat xatolik tufayli yuz berganini ma’lum qilgan. Kassada sovg‘a kartasi nominali o‘rniga uning raqami kiritib yuborilgan.

Dauning vaziyatga hazil bilan yondashganini aytib, xato tuzatilmaguncha «qog‘ozda dunyoning eng boy ayoli» bo‘lib turish yoqimli ekanini bildirgan. U xatodan foydalanib, qahvaxonadagi barcha mahsulotlarni sotib olish niyati yo‘qligini, faqat bitta qo‘shimcha ichimlik bilan kifoyalanganini aytgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Blackpink YouTube’da 100 million obunachi to‘plagan ilk musiqa guruhi bo‘lgani haqida yozgandi.