Avto

Chery ilk dizel PHEV pikapini sotuvga chiqaradi

2026-yilning to‘rtinchi choragida Avstraliya bozorida
Chery ilk dizel PHEV pikapini taqdim etadi
Foto: Chery

Chery kompaniyasi 2026-yilning to‘rtinchi choragida Avstraliya bozorida yangi dizel PHEV pikapini sotuvga chiqaradi. CarNewsChina’ga ko‘ra, modelning ichki kodi KP31 bo‘lib, Xitoyda u Rely P3X nomi bilan tanishtirilgan.

Yangi pikap 2,5 litrli dizel dvigatel bilan jihozlanadi. U plug-in gibrid tizimga ega bo‘ladi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu dunyodagi ilk dizel PHEV pikap hisoblanadi. Avtomobil 1 tonnagacha yuk ko‘tara oladi va 3,5 tonnagacha tirkama tortish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Foto: Chery

KP31 yirik o‘lchamli, ikki kabinali pikap. Uning uzunligi 5 610 mm. Dizayni burchakli, dumaloq faralar va yirik bamperlar bilan ajralib turadi. Model to‘liq uzatma tizimiga ega bo‘lishi kutilmoqda. Batareya orqa qismga joylashtiriladi.

Chery ushbu pikap avtomagistral harakati uchun moslashtirilganini bildirgan. U vibratsiyani 30 foizga kamaytirishi va yonilg‘i sarfini 10 foizga qisqartirishi aytilmoqda. Elektr qismi bo‘yicha aniq texnik ma’lumotlar hozircha ochiqlanmagan.

Foto: Chery

Avstraliya bozorida bu segmentda raqobat kuchli. U yerda BYD Shark 6 va GWM Cannon Alpha Hi4 kabi modellar mavjud. Chery esa dizel asosidagi gibrid tizim orqali xaridorlarni jalb qilishni maqsad qilgan. 2027-yilda benzinli PHEV versiyasi ham taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chery Tiggo 7 Pro krash-testda muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. Avtomobil kattalar himoyasi bo‘yicha 5 yulduzdan 2 yulduz, bolalar xavfsizligi bo‘yicha esa 3 yulduz oldi.

Sinov natijalariga ko‘ra, kuzov zarbani nisbatan yaxshi qabul qilgan. Biroq bazaviy komplektatsiyada jiddiy kamchiliklar aniqlangan. Old to‘qnashuv paytida old panel elementlari haydovchi va yo‘lovchining tizzalari uchun xavf tug‘dirishi aytilgan.