Banklar va moliya

Fond bozori: qaysi aksiyalar qimmatlashib, qaysilari arzonlashdi

UCI fond indeksi 2,3 foizga oshdi
Fond bozori: «O‘zbektelekom» aksiyalari 9 foizga o‘sdi
Foto: Adobe Stock

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 13-fevraldan 20-fevralgacha bo‘lgan davrda salbiy dinamikani ko‘rsatdi. Ammo UCI fond indeksi 2,3 foizga oshdi.

Ushbu davr mobaynida «O‘zbektelekom» (UZTL) aksiyalari bilan qiziqarli tendensiya kuzatildi. Uzoq vaqtdan so‘ng kotirovkalar IPO narxiga (6000 so‘m) qaytdi va allaqachon undan yuqori narxda sotilmoqda. Sof foyda o‘sishi va aksiyalarning 25 foizi UzNIF portfeliga kirishi investorlar uchun jiddiy asos bo‘ladi.

Xususan, mazkur davrda «O‘zbektelekom»ning ham oddiy, ham imtiyozli aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, mos ravishda 9,36 va 7,64 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Ipoteka-bank» (+5%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.

O‘z navbatida, «Qashqadaryo texnologik transport» aksiyalari 9,29 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Dori-Darmon» aksiyalari (-6,47%) va «O‘zmetkombinat»ning (-4,76%) imtiyozli aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Chilonzor buyum savdo kompleksi» aksiyalari va «O‘zmetkombinat»ning oddiy aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «O‘zbektelekom» (1 039 ta), «O‘zsanoatqurilishbank» (1 026 ta) va «Chilonzor buyum savdo kompleksi» (983 ta) peshqadam bo‘ldi.

Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «O‘zbektelekom» (3,56 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zRTXB» (2,01 mlrd so‘m) va «O‘zmetkombinat» (237,40 mln so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.

Yuqori likvidli aksiyalardan 12 tasi haftani ijobiy, ikkitasi o‘zgarishsiz, 15 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 395,41 mlrd so‘m bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yanvar oyida qaysi kompaniya aksiyalari eng yuqori o‘sishga erishgani haqida ma’lumot berilgandi. Oy yakunlariga ko‘ra, aksiyalar savdosining umumiy hajmi 14,73 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu davrda jami 66,9 mingta bitim tuzildi.