GM Chevrolet Tahoe va boshqa bir nechta modellarni qaytarib olmoqda

23-fevral 2026 06:53 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Chevrolet Tahoe 2025
Foto: UzAuto Motors

General Motors (GM) AQShda ikkita yirik chaqirib olish kampaniyasini e’lon qildi. Bu haqda Carcoops nashri xabar berdi.

Bunga sabab 10 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisidagi nosozlik tufayli ayrim yo‘ltanlamas va pikaplarda harakat vaqtida orqa g‘ildiraklar to‘satdan bloklanib qolishi mumkin.

Tekshiruvni olib borgan National Highway Traffic Safety Administration (NHTSA) ma’lumotiga ko‘ra, muammo transmissiya boshqaruv klapanining muddatidan oldin yeyilishi bilan bog‘liq. Natijada moy bosimi pasayadi va kam hollarda bo‘lsa-da, xavfli vaziyat yuzaga kelib, orqa g‘ildiraklar to‘liq qotib qolishi mumkin. Tergovga avtomagistralda sodir bo‘lgan YTH sabab bo‘lgan – haydovchilardan birida g‘ildiraklar bloklanib, mashina boshqaruvdan chiqib ketgan.

Chaqirib olish 43,7 mingta yo‘ltanlamasni qamrab oladi. Ular orasida Chevrolet Tahoe, Chevrolet Suburban, GMC Yukon, GMC Yukon XL, Cadillac Escalade hamda Cadillac Escalade ESV modellari bor. Nosozlik 2022-yil aprel – sentabr oralig‘ida ishlab chiqarilgan avtomobillarga tegishli.

Shuningdek, 2020 – 2022-yilgi Chevrolet Silverado va GMC Sierra pikaplarining 1500, 2500 va 3500 seriyalaridan 1055 tasi ham qayta chaqirilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, 2024-yilda o‘tkazilgan dastlabki ta’mirlash ma’lumotlar bazasidagi dasturiy xatolik sabab to‘liq amalga oshmagan.

Qizig‘i shundaki, kompaniya uzatmalar qutisini to‘liq almashtirmaydi. Avtomobillarga yangilangan dasturiy ta’minot o‘rnatiladi. Yangi tizim klapan holatini doimiy nazorat qiladi va taxminan 16 ming kilometr oldin kritik yeyilishni aniqlay oladi. Muammo aniqlansa, ogohlantiruvchi chiroq yonadi va transmissiya faqat beshinchi uzatmaga o‘tish bilan cheklanadi, bu esa xavfli pastga tushish almashuvlarini oldini oladi.

Kompaniya nosoz avtomobil egalarga yaqin orada rasmiy servis markazlariga murojaat qilib, bepul dasturiy yangilanish o‘rnatishni tavsiya etmoqda. Rasmiy baholashga ko‘ra, nosozlik ehtimoli umumiy avtomobillarning qariyb 1 foizini tashkil qiladi. Biroq yuqori tezlikda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar sabab kampaniya ustuvor ahamiyatga ega.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Bolt’ning ayrim versiyalariga buyurtma cheklovi joriy etilgani haqida yozgandi.

Shuningdek