Ichki valyuta bozori: yanvarda so‘m 1,4 foizga qadrsizlandi

Yanvar oyida valyuta kursi 12 025 – 12 199 so‘m diapazonda shakllanib, 1,4 foizga qadrsizlandi. Bu haqda Markaziy bank ichki valyuta bozori haqidagi tahlilida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2026-yil yanvar oyida ichki valyuta bozorida sotib olingan xorijiy valyutaning asosiy qismi ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importiga yo‘naltirildi. Bu ulush 49,1 foizni tashkil etdi. 25,3% mablag‘ xorijiy valyutadagi kreditlarni so‘ndirishga sarflandi. 21,3% xalq iste’moli tovarlari va dori-darmon importiga to‘g‘ri keldi. 0,4% xorijiy investorlar daromadlarini qaytarishga, 3,9% esa boshqa maqsadlarga yo‘naltirildi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan sotilgan chet el valyutasining 39,6 foizi eksport tushumlari hisobiga shakllandi. 34,5 foizi valyuta kreditlarini sotishdan, 22,6 foizi boshqa manbalardan, 3,3 foizi esa foydalanilmagan valyutani qayta sotish hisobiga tushdi.
O‘zbekiston valyuta birjasida market-meykerlar faolligi oshdi. 2025-yil yanvarda savdolarda 2 ta tijorat banki ishtirok etib, umumiy hajmning 18,8 foizini amalga oshirgan edi. 2026-yil yanvarda esa market-meykerlar soni 5 taga yetdi va ularning ulushi 34,2 foizni tashkil qildi.
Yanvar oyida so‘m kursi 12 025 so‘mdan 12 199 so‘mgacha diapazonda shakllandi va 1,4 foizga qadrsizlandi. O‘tgan yilning yanvarida bu ko‘rsatkich 0,3% bo‘lgan. Tebranuvchanlik darajasi ham oshib, 0,43 – 0,74 foiz oralig‘ida qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning oktabr oyida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov so‘m dollarga nisbatan yil boshidan beri 7 foizga mustahkamlanganini aytgandi. Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov dollar kursi o‘zgarishiga 2026-yilda bir vaqtning o‘zida bir nechta tashqi va ichki omillar ta’sir qilishini ma’lum qilgandi.