Gadjetlar

iPhone 18 Pro to‘q qizil rangda sinovdan o‘tmoqda

Pro va Pro Max modellari ilk bor qizil rangga yaqin tusda chiqariladi
iPhone 18 Pro to‘q qizil rangda sinovdan o‘tmoqda
Foto: Macrumors

Bloomberg nashri jurnalisti Mark Gurman xabariga ko‘ra, Apple iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max modellarini yangi rangda taqdim etishni ko‘rib chiqmoqda. Gap to‘q qizil, ya’ni «bordoviy» rang haqida bormoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya aynan to‘q qizil rang variantini sinovdan o‘tkazmoqda. Agar bu tasdiqlansa, Pro va Pro Max modellari ilk bor qizil rangga yaqin tusda chiqariladi. So‘nggi bor Apple qizil rangni iPhone 14 va iPhone 14 Plus modellarida taklif qilgan edi. Yangi rang esa yorqin qizildan ko‘ra, to‘q qizil tusiga yaqinroq bo‘lishi kutilmoqda.

Oldinroq iPhone 18 Pro uchun binafsha va jigarrang ranglar ham ko‘rib chiqilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq Gurman bu ranglar aslida qizil rangning turli soyalariga o‘xshash variantlar bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Shuningdek, buklanadigan iPhone modeli haqida ham ma’lumot berildi. Apple bu modelda yorqin ranglardan voz kechib, an’anaviy ranglarni tanlashi mumkin. Xususan, kosmik kulrang yoki qora hamda kumush yoki oq ranglar taklif etilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq iPhone 17 Pro Max qisqa vaqt ichida eng ko‘p topshirilayotgan (trade-in qilinayotgan) smartfonga aylangani haqida xabar berilgandi. Mutaxassislar fikricha, premium smartfonlar qisqa muddatli aktiv sifatida ko‘rilishi mumkin. Zarur paytda ularni sotish orqali tezda naqd pul olish imkoniyati mavjud.