
Malayziya va Indoneziyadan kelgan har bir sayyoh uchun 100 dollar subsidiya ajratilishi mumkin. Loyiha Turizm qo‘mitasi tomonidan muhokamaga qo‘yilgan.
Unga ko‘ra, subsidiya mablag‘lari Turizm qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan ajratiladi. To‘lovlar 2026-yil 1-martdan 31-dekabrgacha bo‘lgan davr uchun amal qiladi.
Subsidiya olish uchun turoperator kamida 3 kecha yashashni tasdiqlovchi ma’lumotlarni «E-mehmon» tizimi orqali ko‘rsatishi shart. Shuningdek, soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorlik bo‘lmasligi kerak.
Arizalar 2026-yil 1-dekabrgacha qabul qilinadi. Qo‘mita hujjatlarni 15 ish kuni davomida ko‘rib chiqadi. Qaror qabul qilingach, mablag‘lar 5 ish kuni ichida tijorat bankidagi hisob raqamga o‘tkaziladi.
Subsidiya berish yoki rad etish yuzasidan qaror ariza beruvchiga rasmiy elektron pochta orqali yuboriladi. Rad etilgan taqdirda sabablar aniq ko‘rsatilishi shart.
Subsidiyalar ajratilishi ustidan nazorat tegishli davlat organlari tomonidan olib boriladi. Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur loyiha muhokamasi 1-mart kuni tugaydi. Unda qatnashish uchun ushbu havolaga tashrif buyurish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talablar yangilanishi kutilayotgani haqida yozgan edi.