
22-fevral kuni Verona shahridagi qadimiy arenada Milan-Kortina qishki Olimpiada o‘yinlarining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 17 kun davom etgan musobaqalarda 16 ta yo‘nalish bo‘yicha jami 116 ta medallar jamlanmasi o‘ynaldi.

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Kirsti Koventri tashkilotchilarga yuqori baho berib, ular kelajak uchun yangi standart o‘rnatganini ta’kidladi. Marosim doirasida Olimpiya bayrog‘i 2030-yilgi qishki o‘yinlarga mezbonlik qiluvchi Fransiyaga topshirildi. Navbatdagi musobaqalar ham xuddi shunday keng qamrovli uslubda Alp tog‘lari va Nitsa shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.


Mezbon davlat Italiya 10 ta oltin, 6 ta kumush va 14 ta bronza medali bilan 1994-yildagi rekordini yangiladi. Yopilish marosimi Italiya operasi, balet san’ati va zamonaviy musiqasiga bag‘ishlandi. Tadbir yakunida Milan va Kortina shaharlaridagi ikkita Olimpiya olovi rasman o‘chirildi. Endilikda ushbu arenada 6-martdan 15-martgacha Milan-Kortina Paralimpiya o‘yinlari o‘tkazilishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan qishki Olimpiadada O‘zbekiston yana bir litsenziyaga ega bo‘lgani haqida xabar bergan edi.