Yangiliklar

Motorola Edge 70 Fusion smartfoni mart oyida taqdim etiladi

Qurilma 7000 mA/soat sig‘imli batareya va 50 megapikselli innovatsion kamera bilan jihozlanadi
Foto: Motorola

Motorola kompaniyasining yangi Edge 70 Fusion smartfoni mart oyining birinchi yarmida bozorga chiqishi rejalashtirilmoqda. Telefon dunyoda birinchi bo‘lib o‘ziga xos Sony LYT-710 kamerasiga ega bo‘lishi tasdiqlandi.

Foto: Motorola

Smartfon qalinligi atigi 7,99 mm bo‘lishiga qaramay, o‘zida 7000 mA/soat sig‘imli kremniy-uglerod batareya va 68 Vt tezkor quvvatlanish tizimini jamlagan. Qurilmaning orqa panelida optik barqarorlashtirish tizimiga ega 50 megapikselli asosiy kamera, old qismida esa 32 megapikselli selfi kamerasi o‘rnatilgan. Ishlab chiqaruvchining qayd etishicha, barcha kameralar 4K formatida video yozib olishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Motorola

Displey xususiyatlariga ko‘ra, telefon 1,5K ruxsatli va 144 Hz yangilanish chastotasiga ega to‘rt tomoni egilgan AMOLED ekran bilan jihozlanadi. Ekran yorqinligi 5200 nitga yetishi va u old panelning 96,2 foizini egallashi ma’lum qilingan. Shuningdek, Smart Water Touch 3.0 texnologiyasi yordamida ekranni ho‘l barmoqlar bilan ham muammosiz ishlatish imkoniyati taqdim etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Motorola FIFA World Cup 26 Edition smartfonini taqdim etishi haqida xabar bergan edi.