
Joriy yilning 27 va 30-mart kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan FIFA Series 2026 xalqaro turniri o‘yinlarining stadionlari va aniq vaqtlari tasdiqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Musobaqaning dastlabki uchrashuvlari 27-mart kuni o‘tkaziladi. Dastlab soat 15:00 da «Paxtakor» stadionida Venesuela hamda Trinidad va Tobago jamoalari maydonga tushadi. Shu kuni soat 19:00 da esa O‘zbekiston milliy terma jamoasi «Bunyodkor» stadionida Gabon bilan to‘qnash keladi.

Ikkinchi tur doirasidagi o‘yinlar 30-mart kuniga belgilangan. Soat 15:00 da yana «Paxtakor» o‘yingohida Gabon hamda Trinidad va Tobago terma jamoalari bahsi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston terma jamoasi esa soat 19:00 da «Bunyodkor» stadionida Venesuela futbolchilariga qarshi maydonga chiqadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ilk bor O‘zbekiston FIFA Series turniriga mezbonlik qilishi haqida xabar bergan edi.