Yangiliklar

O‘zbekistonda energetika sohasida qiymati 51 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi

Hozirgi kunda mamlakatda umumiy generatsiya quvvati 25,8 ming megavattni tashkil etmoqda
Foto: Energetika vazirligi

Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda yirik energetika loyihalarini jadallashtirish, elektr ta’minoti barqarorligini mustahkamlash va energiya tejamkorligini oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Hozirgi kunda mamlakatda umumiy generatsiya quvvati 25,8 ming megavattni tashkil etmoqda. Shundan qariyb uchdan bir qismi quyosh, shamol va gidro manbalariga to‘g‘ri keladi. 2026-yilda elektr ishlab chiqarishni 90 milliard kilovatt-soatga yetkazish reja qilingan.

Iqtisodiyot va sanoatda ishlab chiqarish hajmi ortib borayotgani sababli elektr iste’moli ham oshmoqda. Shu bois yangi quvvatlarni ishga tushirish, mavjud tarmoqlarni yangilash va investitsiya loyihalarini tezlashtirish ustuvor vazifa etib belgilandi.

Energetika sohasida umumiy qiymati $51 milliarddan ortiq 130 dan ziyod loyihalar shakllantirilgan. Joriy yil yakuniga qadar 6 770 megavatt yangi quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, ular orasida quyosh va shamol elektr stansiyalari, issiqlik elektr stansiyalari hamda energiya saqlash tizimlari bor.

Yig‘ilishda ayrim hududlarda yer ajratish va hujjatlashtirish jarayonlaridagi kechikishlar tanqid qilinib, mas’ullarga byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish topshirildi. Shuningdek, Energetika vazirligi va mahalliy hokimliklar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Mahalliy ishlab chiqarish ulushini oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Transformator, kabel, shamol stansiyalari uchun minoralar va boshqa uskunalarni mahalliylashtirish orqali investitsiya loyihalarida ichki komponentlar hajmini keskin ko‘paytirish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, yuqori kuchlanishli magistral tarmoqlarni kengaytirish, yangi nimstansiyalar qurish va mavjudlarini modernizatsiyalash rejalari ma’lum qilindi. Energiya samaradorligini oshirish orqali milliardlab kilovatt-soat elektr va katta hajmdagi tabiiy gazni tejash vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan qishloq xo‘jaligida 10 mingta yangi texnika va keng ko‘lamli raqamlashtirish boshlanishi haqida yozgandi.