
O‘zbekistonning uch hududida 5 ta quduqdan gaz chiqdi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot kotibi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida joylashgan Yangi Kultak konida 5-son qidiruv hamda 10-son baholovchi ishlab chiqarish quduqlaridan sanoat ahamiyatiga ega gaz oqimi olindi. Burg‘ulash ishlari 3200 metr chuqurlikkacha olib borilgan. Hozirda har bir quduqdan kuniga taxminan 245 ming metr kub tabiiy gaz olinayotgani aniqlangan. Ajratib olinayotgan gaz Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga yuborilmoqda.
Sho‘rtanda joylashgan Marvarid konidagi 4-son qidiruv qudug‘ida burg‘ulash 3400 metr chuqurlikkacha yetkazildi. Quduqda sinov ishlari o‘tkazilib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra kunlik 450–500 ming metr kub tabiiy gaz chiqayotgani qayd etilgan. Ayni paytda sinov-tadqiqot jarayonlari davom etmoqda. Yaqin kunlarda ushbu quduqdan olinayotgan gaz Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga yo‘naltiriladi.
Buxoro viloyati Olot tumanidagi Yangi Olot konida ham ijobiy natijalar qayd etildi. 12-son qidiruv qudug‘i 2400 metr chuqurlikkacha burg‘ulandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda kunlik taxminan 200 ming metr kub tabiiy gaz oqimi olinmoqda. Quduqda sinov-tadqiqot ishlari davom etmoqda.
Ustyurt mintaqasidagi Qiziljar maydonida burg‘ulangan 1-son qidiruv qudug‘ining loyihaviy chuqurligi 6000 metrni tashkil etadi. 5000 metr chuqurlikda sanoat ahamiyatiga ega barqaror gaz oqimi olingan. Ushbu natijalar geologik jihatdan muhim hisoblanadi.
Shuningdek, mavjud quduqlarni qayta ta’mirlash ishlari ham samarali natija bermoqda. Ustyurt hududidagi Shimoliy Berdaq konining 7-son qudug‘i qayta tiklanib, sanoat miqyosida gaz bera boshladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samarqandda 402 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan novvoyxona aniqlangani haqida yozgan edi.