
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat xavfsizlik xizmati SSSR davridagi KGB darajasida bo‘lishi kerakligini qayd etdi. U kuch tizimlarida islohotlar haqida «Kabar» agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Japarovning fikricha, xodimlar turli joylarda guvohnomasini ko‘rsatib yurishi xizmat nufuziga putur yetkazadi. Shu sababli bu holatlardan xulosa chiqarilishi zarurligi aytildi.
So‘nggi paytlarda ayrim xavfsizlik xizmati xodimlarining korrupsiya va qonunbuzarlikda gumon qilinib ushlangani haqida ham savol berildi. Prezident bu bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotganini, tafsilotlarni hozircha oshkor qilib bo‘lmasligini bildirgan.
Intervyuda tashkilot tarkibidan Chegara xizmati va Davlat qo‘riqlash xizmati ajratilgani ham tilga olindi. Unga ko‘ra, yaqin orada kuch tizimlarida keng qamrovli islohot boshlanadi. Xavfsizlik qo‘mitasi razvedka va kontrrazvedka, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, terrorizm, ekstremizm, banditizm va giyohvandlikka qarshi kurash bilan shug‘ullanadi. Iqtisodiy masalalarga aralashuv to‘xtatiladi.
Shuningdek, yangi Tergov qo‘mitasi tuzilishi rejalashtirilmoqda. Asosiy tergov funksiyalari ushbu organ tasarrufiga o‘tkaziladi. Japarovning ta’kidlashicha, hozirgi tizimda tezkor-qidiruv bo‘linmalari va tergovchilar bir vazirga bo‘ysunadi, bu esa bosim va adolatsizlik xavfini oshiradi. Yangi qo‘mita prezidentga to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘ysunadi va «xom» yoki soxtalashtirilgan ishlarni qabul qilmaydi.
Japarovning fikricha, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligida tezkor xodimlar ham, tergovchilar ham bor va ularning barchasi bitta vazirga bo‘ysunadi.
«Masalan, tezkor xodim kimnidir aybdor qilib, ishni tergovchiga beradi. Tergovchi esa bu ish suddan o‘tmasligini tushunib, olishni istamaydi. Shunda vazir qo‘ng‘iroq qilib, ishni qabul qilish va jinoyat ishi ochishni buyuradi. Tergovchi esa majburan rozi bo‘ladi», — deya qayd etgan Japarov
Bosh va harbiy prokuratura barcha tuzilmalar faoliyati ustidan qonuniylik nazoratini amalga oshiradi. Japarov bu tizim inson huquqlarini 95 foizgacha himoya qilish imkonini beradi, deb hisoblaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qamchibek Tashiyev o‘rniga Jumgalbek Shabdanbekov nomzodi ma’qullangani haqida yozgan edi.