
Bugun, 23-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash va sohaga raqamli yechimlarni jadallik bilan joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unda mexanizatsiya darajasini oshirish, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish hamda moliyalashtirish tizimini soddalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Hozirgi vaqtda qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya darajasi 81 foizga yetgan. So‘nggi yillarda mingdan ortiq paxta terish mashinalari xarid qilinib, paxta terimida texnika ulushi 52 foizga chiqdi. Natijada qo‘l mehnati sezilarli darajada kamaydi. Endilikda bu ko‘rsatkichni kamida 70 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.
2026-yilda 800 ta paxta terish mashinasi, shuningdek, minglab traktor, seyalka va kombaynlar xarid qilinadi. Umuman, yil davomida 10 mingta yangi texnika olib kelinib, texnika parki qariyb 300 ming donaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Fermerlarga qulay shartlarda lizing ajratish uchun $400 million miqdorida xalqaro mablag‘ jalb etiladi. Texnikalar milliy valyutada, imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga beriladi va kredit stavkasining bir qismi budjet hisobidan qoplanadi.
Shuningdek, 2026 – 2028-yillarda mahalliy ishlab chiqarish hajmini bir necha barobarga oshirish, ayrim turdagi texnikalarda mahalliylashtirish darajasini 30 – 65 foizgacha yetkazish rejalashtirilgan. Subsidiyalash tizimi ham kengaytirilib, talab yuqori bo‘lgan ayrim import texnikalar uchun ham qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etilishi mumkin.
Moliyaviy xizmatlarni soddalashtirish maqsadida Agrobank tomonidan ajratiladigan kreditlar hajmi keskin oshiriladi. Kredit berish jarayonini to‘liq avtomatlashtirish hisobiga mablag‘ ajratish muddati bir necha kundan bir necha soatgacha qisqarishi kutilmoqda.
Hududlarda agroxizmat zonalari tashkil etilib, fermerlar bir joyning o‘zida bank, konsalting, tuproq tahlili, agronom maslahati va ko‘chat yetkazib berish xizmatlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, chorvachilik va mevachilikda sun’iy intellekt asosidagi pilot loyihalar amalga oshiriladi hamda qishloq xo‘jaligi startaplarini moliyalashtirish uchun yangi venchur kompaniya tashkil etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qoraqalpog‘istonga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 barobar oshirilgani haqida yozgandi.