
Samsung’ning yangi Galaxy S26 Ultra qurilmaning S Pen’i yana Bluetooth funksiyasiz taqdim etiladi. Bu haqda GSMArena ma’lum qildi.
Internetda paydo bo‘lgan «hands-on» videoda stilus faqat oddiy yozish va boshqaruv vositasi sifatida ishlashi ko‘rsatilgan. Mazkur videoni YouTuber Sahil Karoul e’lon qilgan bo‘lib, u Galaxy S26 Ultra qurilmasini rasmiy taqdimotdan oldin qo‘lga kiritganini aytgan.
Avvalgi avlod Bluetooth’li S Pen’lar foydalanuvchilarga stilusni masofadan turib boshqaruv pulti sifatida ishlatish imkonini bergan. Ular yordamida kamera uchun masofaviy tugma vazifasini bajarish, galereyada suratlarni varaqlash yoki taqdimot slaydlarini boshqarish mumkin edi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili Galaxy S25 Ultra modelida ham S Pen’dan Bluetooth olib tashlangani kompaniya stilus qo‘llab-quvvatlashidan butunlay voz kechishi mumkinligi haqidagi taxminlarga sabab bo‘lgan edi. Biroq hozircha bu fikrlar tasdiqlanmadi va S26 avlodida stilus saqlab qolingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung 6G tarmog‘ini joriy etishda yangi bosqichga o‘tgani haqida xabar bergan edik.