Xiaomi 17 Ultra va yangi qurilmalarini Barselonada namoyish qiladi

eʼlon qilindi
«Tasvirlarning yangi to‘lqini kelmoqda» shiori ostida
Xiaomi 17 Ultra va yangi qurilmalarini Barselonada namoyish qiladi / Xiaomi

Xiaomi kompaniyasi 17 Ultra va yangi qurilmalarining global taqdimoti sanasi va manzilini e’lon qildi. Bu haqda GSMArena xabar berdi.

Tadbir 28-fevral kuni Ispaniya vaqti bilan soat 14:00 da Barselonada, MWC 2026 oldidan bo‘lib o‘tadi. Sharqiy Yevropada soat 15:00, Buyuk Britaniyada 13:00, Hindistonda 18:30, Kaliforniyada 05:00, Nyu-Yorkda 08:00 da boshlanishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston vaqti bilan bu 28-fevral, 18:00 ga to‘g‘ri keladi.

Tadbir shiori «The New Wave of Imagery is arriving» (Tasvirlarning yangi to‘lqini kelmoqda) bo‘lib, bu Xiaomi 17 Ultra modelining global debyutini ushbu taqdimotda amalga oshirishini bildiradi. Shu bilan birga, «vanilla» Xiaomi 17, Xiaomi Pad 8 Pro, Xiaomi Tag va Xiaomi Watch 5 modellari ham tadbirga qo‘shilishi kutilmoqda.

Afsuski, Xiaomi 17 Pro va Pro Max modellari global taqdimot olishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Bu modellarning orqa ekrani bilan birga faqat Xitoy bozorida qolishi ehtimoli yuqori.

So‘nggi mish-mishlarga ko‘ra, Xiaomi 17 va 17 Ultra modellari Yevropada avvalgi versiyalar bilan bir xil narxda sotiladi.

Xiaomi 17
• 12 GB RAM + 256 GB: €999
• 12 GB RAM + 512 GB: €1 099

Xiaomi 17 Ultra
• 16 GB RAM + 512 GB: €1 499
• 16 GB RAM + 1 TB: €1 699

Ularning Xitoy versiyalari bilan boshqa jihatlari deyarli bir xil bo‘ladi, faqat batareya quvvati farq qiladi: Xiaomi 17 modelida 6,330 mAh (Xitoyda 7,000 mAh), Xiaomi 17 Ultra’da esa 6,000 mAh (Xitoyda 6,800 mAh).

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xiaomi 17 Ultra Leica Edition global bozorga yangi nom bilan chiqishi haqida xabar qilgan edik.

Shuningdek