Avto

Yangi Chevrolet Onix 2026 qanday xususiyatlarga ega — foto

Chevrolet Onix Plus 2026 murakkab texnologiyalarga emas, balki ishonchlilikka urg‘u beradi
Yangi Chevrolet Onix 2026 qanday xususiyatlarga ega
Foto: You Tube

Chevrolet Onix 2026 modeli budjet sedan segmentida tejamkorlik va oddiy efoydalanishga yo‘naltirilgan avtomobil sifatida taklif etiladi. U ixcham o‘lchamlar, past yonilg‘i sarfi va katta yukxona bilan kundalik foydalanish uchun mos variant hisoblanadi. You Tube’dagi No12 kanali modelning tashqi ko‘rinishini namoyish qildi.

Texnik xususiyatlar

Foto: You Tube

Onix Plus kapoti ostida 1.0 litrli, 3 silindrli atmosferali flex dvigatel o‘rnatilgan. U etanolda 82 ot kuchi, benzinda esa 80 ot kuchi ishlab chiqaradi. Maksimal moment mos ravishda 10,6 va 10,2 kgf·mni tashkil etadi. Dvigatel 6 pog‘onali mexanik uzatma bilan ishlaydi, tortish esa old g‘ildiraklarga uzatiladi. Bunday kombinatsiya soddalik va arzon xizmat ko‘rsatish bilan ajralib turadi.

Tezlik

Foto: You Tube

Sedanning maksimal tezligi 176 km/soatga yetadi. 0 dan 100 km/soatga tezlanish 12,9 soniyani tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkichlar uni sportkar emas, balki tinch haydash uchun mo‘ljallangan avtomobil ekanini ko‘rsatadi. Shahar va magistral yo‘llarda barqaror boshqaruv elektr kuchaytirgichli rul tizimi orqali ta’minlanadi.

O‘lchamlar

Foto: You Tube

O‘lchamlariga to‘xtalsak, avtomobil uzunligi 4 480 mm, kengligi 1 746 mm, balandligi 1 473 mm. G‘ildirak bazasi 2 600 mm bo‘lib, salon ichida yetarli joy beradi. Og‘irligi 1 045 kg, foydali yuk ko‘tarish qobiliyati 375 kgni tashkil etadi. Minimal klirens 157 mm, bu shahardagi kundalik harakat uchun yetarli. 14 darajali kirish burchagi esa yengil notekis yo‘llarda qulaylik yaratadi.

Onix Plus’ning asosiy ustunliklaridan biri 500 litrli katta bagaj bo‘limidir. Bu ko‘rsatkich ko‘plab raqobatchilardan yuqori. Yonilg‘i baki 44 litr bo‘lib, tejamkor dvigatel bilan birgalikda yaxshi masofa zaxirasini ta’minlaydi.

Yonilg‘i sarfi shaharda etanolda 9,8 km/l, benzinda 13,9 km/lni tashkil etadi. Trassada bu ko‘rsatkich mos ravishda 12,1 va 17,1 km/lga yetadi. To‘liq bak bilan shahar sharoitida 431 kmgacha (etanol) va 612 kmgacha (benzin), magistralda esa 532 kmgacha (etanol) va 752 kmgacha (benzin) yo‘l bosish mumkin.

Qulayliklari

Foto: You Tube

Old osma mustaqil McPherson turida, orqa qismi esa burilishli o‘qli konstruktsiyaga ega. Bunday sxema xizmat ko‘rsatishda qulay va ishonchli hisoblanadi. Old tormozlar ventilyatsiyali diskli, orqa tormozlar esa barabanli. Standart shinalar o‘lchami 185/65 R15, zaxira g‘ildirak esa 115/70 R15.

Umuman olganda, Chevrolet Onix Plus 2026 murakkab texnologiyalarga emas, balki ishonchlilik va iqtisodiylikka urg‘u beradi. Keng yukxona, tejamkor dvigatel va sodda mexanik uzatma uni shahar hayoti, oilaviy ehtiyojlar va kundalik qatnov uchun maqbul variantga aylantiradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Onix 2026 sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.