
Hukumat qarori bilan «Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Ushbu hujjat ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, nomzodlar Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyati doirasida shakllantiriladi. Ular orasida «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiatlari, maktablar, prezident maktablari va «Yangi O‘zbekiston» universiteti bitiruvchilari, «Prezident iqtidorli farzandlari» tashabbusi ishtirokchilari hamda nufuzli xorijiy ta’lim muassasalarida tahsil olgan vatandoshlar bor.

Ishchi guruh har yili 25-martga qadar nomzodlar hujjatlarini ko‘rib chiqib, eng munosiblarini saralab oladi. Shundan so‘ng hujjatlar Respublika komissiyasiga yuboriladi. Komissiya 20-mayga qadar taqdirlash bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Ko‘krak nishoni har yili Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyati qurultoyida topshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Eng yaxshi startap g‘oyasi» va «Eng innovatsion g‘oya» tanlovlari yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. «Eng yaxshi startap g‘oyasi» tanlovining tuman bosqichi g‘oliblariga 5 mln so‘mgacha, viloyat bosqichi g‘oliblariga esa 10 mln so‘mgacha mukofot puli beriladi.