Yunusobodda 9 mln dollarlik yer savdosi fosh etildi

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida $9 mlnlik yer savdosi fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, 1953-yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha bor sudlangan ayol 1982-yilda tug‘ilgan tanishi bilan til biriktirib, noqonuniy yer savdosiga uringan.
Aniqlanishicha, ular Yunusobod tumanidagi tadbirkorlik subyektiga tegishli bo‘lgan, ammo hozirda taqiqda turgan 2 gektar noturar yer maydonini $9 mln evaziga sotishga kelishgan.
Mazkur shaxslar mansabdor tanishlari orqali barcha hujjatlarni rasmiylashtirib, yer maydonini turarjoy toifasiga o‘tkazib berishni va’da qilgan. Buning evaziga ular oldindan $200 ming olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Operatsiya Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan. Gumonlanuvchilar ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Surxondaryoda hokim o‘rinbosari, Namanganda esa hokim yordamchisi pora bilan qo‘lga tushgani haqida yozgan edi.