Yangiliklar

Zumerlar va X avlod: mehnat bozorida nimalar o‘zgarmoqda

HeadHunter (hh.uz) platformasi 600 dan ortiq ish beruvchi va ish izlovchi o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi
Zumerlar va X avlodi: mehnat bozorida nimalar o‘zgarmoqda
Rasm: SI

O‘zbekiston mehnat bozorida bugun zumerlar, milleniallar, X avlodi va bebi-bumerlar bir jamoada ishlamoqda. HeadHunter (hh.uz) platformasi 600 dan ortiq ish beruvchi va ish izlovchi o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, 2026-yilda turli yoshdagi jamoalar qanday ishlayotgani haqida ma’lumot to‘pladi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 42 foizi X avlodiga mansub. Milleniallar 32 foizni, zumerlar 24 foizni tashkil etgan. Bebi-bumerlar esa atigi 2 foizni egallagan. Bu yosh mutaxassislar ulushi sezilarli darajada oshganini ko‘rsatadi.

Respondentlarning 48 foizi o‘z jamoasida 3–4 avlod vakillari ishlashini bildirgan. 29% jamoada asosan 2 avlod borligini aytgan. Faqat 15% respondent bir yosh toifasiga yaqin jamoada ishlashini ma’lum qilgan.

Jamoa muhitiga ta’sir masalasida 46% ishtirokchi atmosfera ko‘proq rahbariyatga bog‘liq, deb hisoblaydi. 36% esa turli avlodlar tajriba almashish imkonini beradi, degan fikrda. 23% respondent turli qarashlar jamoani kuchaytiradi, deb hisoblaydi.

Zumerlar va milleniallar o‘rtasidagi farqlar haqida 44% respondent bu tafovutlar seziladi va qiziqarli, degan. 41% esa yoshdan ko‘ra shaxsiy sifatlar muhimroq deb hisoblaydi.

Turli avlodlarni birlashtiradigan asosiy omil sifatida 60% respondent umumiy maqsad va natijalarni ko‘rsatgan. 34% ochiq muloqotni, 25% korporativ madaniyatni muhim deb biladi.

2026-yilda yosh omili jamoa samaradorligida kamroq ahamiyat kasb etmoqda. 44% respondent ko‘nikma va qadriyatlar yoshdan muhimroq, deb hisoblaydi. 38% esa bu soha va faoliyat turiga bog‘liq ekanini ta’kidlagan.

Umuman olganda, natijalar turli yoshdagi jamoalar mehnat bozorida odatiy holga aylanganini ko‘rsatmoqda. Samaradorlik va muhitda yoshdan ko‘ra boshqaruv uslubi, umumiy maqsad va qadriyatlar muhimroq omil sifatida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq nega ko‘pсhilik yil boshida ishini o‘zgartirish haqida o‘ylashi haqida ma’lumot berilgandi. So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 45 foizi ishini o‘zgartirish fikriga faslning umuman ta’siri yo‘qligini aytgan.