
Vivo kompaniyasi o‘zining eng arzon smartfonlaridan biri – Vivo Y05 modelini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida xabar berdi.

Ushbu model atigi $110 turadi, ammo katta sig‘imli batareya va uzoq muddat ishlash imkoniyatiga ega. Qurilmaning batareyasi 6500 mA/soat sig‘imga ega bo‘lib, quvvatlash 15 vatt bilan amalga oshiriladi. HD+ ekran va kam quvvatli platforma ham telefonning uzoq ishlash muddatini ta’minlaydi.
Vivo Y05 6,74 dyuymli 720p rezolyutsiyali displeyga ega bo‘lib, 120 Gts yangilanish tezligini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilmaning asosida Unisoc T7225 protsessori ishlaydi, shuningdek, 4 GB RAM va 64 yoki 128 GB flesh-xotira mavjud.

Shu bilan birga, Y05 modeli IP65 himoyasiga ega bo‘lib, bu narx segmentida kam uchraydigan xususiyat hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vivo V60 Lite 4G smartfoni yangilangan versiyada taqdim etilgan edi.

