Avto

2026-yilgi Mazda CX-5 qanday imkoniyatlar bilan chiqarildi

Yangi versiya avvalgi kamchiliklarni tuzatishga qaratilgan
2026-yilgi Mazda CX-5 qanday imkoniyatlarga ega — sharh
Foto: Motor1

Mazda CX-5 uchinchi avlodda butunlay yangilandi. Model kattalashdi, zamonaviylashdi, shu bilan birga avvalgidek haydash zavqini saqlab qolgan. Yangi versiya avvalgi kamchiliklarni tuzatishga qaratilgan. Motor1.com nashri avtomobilning texnik imkoniyatlarini ochib berdi.

Mundarija:

Dizayn va o‘lcham

Foto: Motor1

Yangi CX-5 avvalgisidan 4,5 dyuymga uzunroq. G‘ildirak bazasi ham uzaygan. Bu esa to‘g‘ri yo‘lda barqarorlikni oshiradi. Rul boshqaruvi dasturiy jihatdan qayta sozlangan. Elektr kuchaytirgich yengillashtirilgan. Natijada rul orqali yo‘lni his qilish aniqroq bo‘lgan. Old g‘ildiraklardan keladigan sezgi tabiiyroq uzatiladi.

Amortizatorlar o‘zgartirilgan, prujinalar yumshatilgan. Tashqi sxema o‘zgarmagan bo‘lsa-da, avtomobil yanada puxta boshqariladi.

Dvigatel va dinamika

Foto: Motor1

Sinov qilingan Premium Plus versiyasida 2,5 litrli to‘rt silindrli benzin dvigatel bor. U 187 ot kuchi va 185 funt-fut moment ishlab chiqaradi. Uzatmalar qutisi olti pog‘onali avtomat. Tizim to‘liq uzatmaga ega.

Past tezliklarda javob tez bo‘lib, gaz pedali sezgir ishlaydi. Ammo tez yurish va burilishli yo‘llarda quvvat biroz kamdek tuyuladi. 2027-yilda gibrid talqin kutilmoqda. U ko‘proq kuch taklif qilishi aytilmoqda.

Salon

Foto: Motor1

Salon avvalgidan ancha shovqinsiz. Yukxona poliga qo‘shimcha shovqin yutuvchi material qo‘yilgan. Orqa ustun va g‘ildirak arkalari mustahkamlangan.

Old panel markazida katta sensorli ekran joylashgan. Unda Google tizimi o‘rnatilgan. Endi aylantirma boshqaruv ruleti yo‘q. Boshqaruv to‘liq sensorli ekran orqali amalga oshiriladi.

Apple CarPlay va Android Auto qo‘llab-quvvatlanadi. Arzon komplektatsiyada sim orqali, yuqorisida esa simsiz ishlaydi.

Foto: Motor1.com

Iqlim tizimi uchun alohida tugmalar yo‘q. Harorat va ovoz boshqaruvi ekran orqali bajariladi. Rulda ovozli boshqaruv tugmasi mavjud. Ishlab chiqaruvchi haydovchini ruldan qo‘lini uzmaslikka undaydi.

Kenglik va qulaylik

Foto: Motor

Old o‘rindiqlar qulay va orqa qatorda joy sezilarli kengaygan. Bolalar uchun kirish-chiqish osonlashtirilgan. Orqa eshik pastki qismi kattalashtirilgan. Ichki bezakda ba’zi joylarda oddiy plastik ishlatilgan. Biroq asosiy zonalarda sifat saqlangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mazda 6e avtomobili qanday narxda sotilishi haqida yozgan edi.