Yangiliklar

2026-yilning yanvar – fevral oylarida ikkita yangi gaz-kondensat koni ochildi

Yangi maydonlarda qidiruv ishlari kuchaytiriladi
2026-yilning yanvar – fevral oylarida ikkita yangi gaz-kondensat koni ochildi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumki, joriy yil 30-yanvar kuni o‘tkazilgan taqdimotda kompaniyada operatsion samaradorlikni oshirish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va zaxiralarni ko‘paytirish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan edi. Bugun davlat rahbariga mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Xususan, xarajatlarni maqbullashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot taqdim etildi. Markaziy apparatning tashkiliy tuzilmasi qayta ko‘rib chiqilib, optimallashtirilmoqda. Ishlab chiqarish xizmatlari, tovar-moddiy resurslar va pudrat ishlari narxlarini qayta ko‘rib chiqish hamda kredit portfelini tartibga solish ishlari boshlangan. Sohaga oid bo‘lmagan aktivlar tasarrufdan chiqarilmoqda.

Shuningdek, debitor qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirish yuzasidan 2026/2027-yillarda qator hududlarda yangi maydonlarda qidiruv ishlarini kuchaytirish, 3D seysmik-qidiruv hajmlarini kengaytirish hamda quduqlarni qurilish bilan yakunlash rejalari belgilangan. Joriy yil yanvar – fevral oylarida ikkita yangi gaz-kondensat koni ochilgani ma’lum qilindi.

Kompaniyani strategik rivojlantirish doirasida forenzik audit o‘tkazish, xarid jarayonlarini takomillashtirish, ESG tamoyillarini joriy etish hamda hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash ishlari tezlashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning uch hududida 5 ta quduqdan gaz chiqqan edi.