Fan

Amerikadagi o‘zbeklar: «Huquq tushunarli bo‘lmasa, u o‘z vazifasini bajarmaydi» — Zoyir Eshmurodov bilan suhbat

24-fevral 2026 14:19 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Zoyir Eshmurodovning shaxsiy arxividan

Zoyir Eshmurodovning huquqiy yo‘li an’anaviy akademik marshrutdan boshlanadi. U dastlab Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qidi, ammo tez orada xalqaro va qiyosiy yo‘nalishga burildi. U huquqni faqat qonunlar majmuasi sifatida emas, balki jamiyatni boshqaruvchi murakkab tizim sifatida ko‘radi.

«Meni huquqda eng ko‘p qiziqtirgan narsa — bir norma real hayotda qanday ishlashi va odamlarning kundalik qarorlariga qanday ta’sir qilishi», — deydi Zoyir.

Ana shu yondashuv uning keyingi ta’limi, xorijiy tajribasi va professional faoliyatida asosiy yo‘nalish bo‘lib xizmat qilgan.

Bakalavr bosqichi

2019–2023 yillarda Zoyir Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU)da bakalavr darajasini oldi. U maxsus (special) guruhda ya’ni universitetning eng iqtidorli talabalaridan tanlab olingan, o‘quv dasturi chuqurlashtirilgan va analitik fikrlashga yo‘naltirilgan jamoa bilan o‘qidi.

Bakalavr davrida Zoyir seminarlar, ilmiy muhokamalar va loyihalarni muvofiqlashtirdi. Bu tajriba unga akademik intizom, jamoa bilan ishlash ko‘nikmalari va tashkiliy mas’uliyatni o‘rgatdi.

«Maxsus guruhda o‘qish meni tezroq o‘ylashga, fikrimni asoslashga va mas’uliyatni bo‘ynimga olishga o‘rgatdi. Guruh sardori bo‘lish esa huquqshunos faqat bilimli emas, balki tartibli va yetakchi bo‘lishi kerakligini anglatdi».

Yevropa tajribasi: Gdansk universiteti va qiyosiy huquq

Bakalavr bosqichida Zoyir Polshaning Gdansk universiteti, Huquq fakulteti tomonidan tashkil etilgan talabalar almashinuvi dasturida qatnashdi. Bu orqali u Yevropaning turli davlatlaridan kelgan talabalar bilan birga ta’lim olib, huquqiy tizimlarni qiyosiy o‘rganish imkoniga ega bo‘ldi.


Foto: Zoyir Eshmurodovning shaxsiy arxividan

U Fransiya, Shvetsariya, Ispaniya, Italiya, Daniya, Vengriya va boshqa davlatlarda bo‘ldi. Bu safarlar nafaqat turistik, balki akademik va madaniy tajriba bilan boyitilgan. Zoyir Yevropa huquqining roman‑german tizimini amaliy jihatdan o‘rgandi.

«Turli mamlakatlar, turli madaniyatlar, lekin umumiy huquqiy mantiq. Bu menga huquqning chegarasi yo‘qligini ko‘rsatdi».

AQSh sari yo‘l: qabul va viza jarayoni

Zoyir magistratura o‘qishi uchun AQShga yo‘l oldi. Qabul jarayoni nisbatan tizimli bo‘lsa-da, eng murakkab bosqich viza olish edi. Zoyir ushbu jarayondan muvafaqqiyatli o‘tdi.


Foto: Zoyir Eshmurodovning shaxsiy arxividan

«Qabuldan o‘tish muhim edi, lekin viza haqiqiy sinov bo‘ldi. Bu nafaqat o‘qish, balki butun kelajak yo‘lim bilan bog‘liq qaror».

Penn State Law: global reyting va amaliy yondashuv

2023–2024 yillarda Zoyir Penn State Law universitetida LLM darajasini oldi. Bu universitet xalqaro reytinglarda Top-100, huquq yo‘nalishida esa Top-50ga kiradi.


Foto: Zoyir Eshmurodovning shaxsiy arxividan

Bu yerda Zoyir anglo-sakson huquq tizimini chuqur o‘rgandi: sud pretsedentlariga, amaliy tahlilga va case-study uslubiga tayanadi. AQSh huquq tizimi real hayotiy misollar va argumentatsiyaga asoslanadi, bu esa Zoyirga huquqqa amaliyroq yondashish imkonini berdi.

«AQShda huquq tirik tizim. Sud qarorlari, real holatlar va argumentatsiya markazda turadi. Bu yondashuv meni huquqqa yanada amaliyroq qarashga o‘rgatdi».

Ikki huquq tizimi: qiyosiy qarash

Roman‑german tizimi asosan kodifikatsiya va yozma normalarga tayansa, anglo‑sakson tizimi sud qarorlari orqali shakllanadi. Zoyir uchun bu farq katta akademik ustunlik bo‘ldi.

«Roman‑german tizimi tartibli va aniq, anglo‑sakson tizimi esa moslashuvchan. Ikkisini tushungan huquqshunos real muammolarga kengroq yechim topa oladi».

Transport huquqi: murakkab, ammo e’tibordan chetda

AQShda transport huquqi federal va shtat qoidalariga asoslanadi. Yuk tashish, logistika va yo‘l harakati bilan bog‘liq normalar doimiy yangilanadi, bu esa kichik kompaniyalar va haydovchilar uchun huquqiy yuk yaratadi. Ko‘p hollarda huquqiy yordam faqat jarima yoki nizodan keyin izlanadi. Shu muammo Zoyirni transport sohasida texnologik yondashuv yaratishga undadi.


Foto: Zoyir Eshmurodovning shaxsiy arxividan

Zoxa Law: huquq va texnologiya kesishgan nuqta

Zoyir Eshmurodov asos solgan Zoxa Law — transport huquqiga ixtisoslashgan sun’iy intellekt platformasi. U advokatlik faoliyatini almashtirmasdan, huquqiy xabardorlikni oshirishni maqsad qilgan.

«Zoxa Law — bu tezkor javob emas, balki to‘g‘ri yo‘nalish beruvchi vosita. Maqsad — muammo chiqishidan oldin tushunish».

Platforma murakkab huquqiy normalarni sodda va tushunarli tarzda foydalanuvchilarga yetkazadi. Zoyir uning mazmuniy va huquqiy aniqligini shaxsan nazorat qiladi.


Foto: Zoyir Eshmurodovning shaxsiy arxividan

Yevropa va AQShdagi tajribalar Zoxa Law konsepsiyasida aks etdi. Qiyosiy huquq, amaliy fikrlash va texnologik yondashuv birlashib, tor ixtisoslashgan, ammo samarali platforma yaratdi.

Hozirda Zoyir Eshmurodov AQShda faoliyat yuritmoqda va huquqiy texnologiyalar orqali transport sohasidagi huquqiy xavflarni kamaytirishga qaratilgan ishlarini davom ettirmoqda. Uzoq muddatli maqsadi — huquqiy bilimni elit doiradan chiqarib, amaliy ehtiyojga moslashtirish.

«Huquq qanchalik murakkab bo‘lmasin, u odamlar uchun ishlashi kerak. Agar tushunarli bo‘lmasa, u o‘z vazifasini bajarmaydi».

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shohjahon Abdusattorovning huquqiy sohadagi ilmiy yo‘li haqida yozgandi.

Shuningdek