
Jahon bozoridagi noaniqliklar va global savdo tariflarining e’lon qilinishi ortidan Bitkoin narxi 4 foizga pasaydi. 24-fevral kuni soat 15:40 holatiga ko‘ra, Uznex birjasida Bitkoin narxi $64,5 mingni tashkil qildi.
Bitkoin narxining tushishi AQSh Oliy sudining prezident Tramp tomonidan kiritilgan tariflarni bekor qilish qaroridan so‘ng yuz berdi. Shundan keyin, prezident 10 foizlik, so‘ngra 15 foizlik umumiy global tarifni e’lon qildi, bu esa investorlar orasida xavotir uyg‘otdi.

Bitkoin o‘z qiymatining 24 foizini yo‘qotdi va oktabr oyidagi eng yuqori ko‘rsatkichidan salkam 47 foizga pastladi. Ushbu pasayish «kripto qish» hali tugamaganligini eslatdi. 2022-yildagi pasayishdan farqli o‘laroq, hozirgi holatda ommaviy vahima sotuvlari kuzatilmayapti.
Eng optimistik tahlilchilar ham, yilning ikkinchi yarmida o‘sish boshlanishidan oldin narx $50 ming gacha tushishi mumkinligini aytishmoqda. Standard Chartered tahlilchisi Geof Kendrik o‘zining yil yakuni bo‘yicha prognozini $150 mingdan $100 mingga tushirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bitkoin 15 oylik minimum 64,8 ming dollarga tushgani haqida xabar bergan edi.