Avto

Chevrolet Silverado 2027 ilk bor ko‘rinish berdi — foto

Mazkur model lineup’dagi eng yuqori, biroq hashamatli bo‘lmagan flagman sifatida qolishi kutilmoqda
Foto: GMAuthority

Chevrolet’ning 2027-yilgi Silverado 1500 High Country versiyasi ilk bor deyarli kamuflyajsiz holatda suratlarda paydo bo‘ldi. Bu haqda GMAuthority nashri xabar berdi.

Mazkur model lineup’dagi eng yuqori, biroq hashamatli bo‘lmagan flagman sifatida qolishi kutilmoqda.

Prototip transport tirkamasida tashilayotgan paytda tasvirga olingan. Crew Cab, Short Box kuzovli ushbu namuna avval ko‘rilgan sinov avtomobillaridan farqli o‘laroq, qalin qora kamuflyajdan voz kechgan. Faqat kuzov chiziqlarini yashiruvchi grafik plyonka qoldirilgan xolos. Dizayn AQSh Patent va savdo belgisi idorasida (USPTO) dekabr oyida e’lon qilingan patent chizmalariga deyarli to‘liq mos keladi.

Foto: GMAuthority

Old qismida High Country’ga xos radiator panjarasi saqlab qolingan. Faralar esa patent rasmlarida ko‘rsatilgan ko‘rinish bilan aynan bir xil va ishlab chiqarishga tayyor holatda. Pastga cho‘zilgan old air dam model off-road yo‘nalishida emasligini ko‘rsatadi. Avtomobil Bridgestone Alenza shinalari bilan jihozlangan bo‘lib, ular yo‘l uchun mo‘ljallangan.

Foto: GMAuthority

Yangi ko‘p spoke’li disklar kamuflyaj qilingan, biroq hozirgi modelda taklif etilayotgan 22 dyuymli g‘ildiraklarga o‘xshash dizaynga ega. Yon oynalar yangi shaklga ega bo‘lgan, orqa eshikdagi DLO chizig‘i esa yanada keskinroq ko‘rinish olgan. Shuningdek, kabina ustiga o‘rnatilgan yangi spoyler antenna elementlarini o‘z ichiga olishi mumkin.

Orqa qismda yuk bo‘limi qanotlari yanada bo‘rtgan shaklga ega. Sirpanma orqa oynaning dizayni ham yangilangan. Orqa chiroqlar detallari yashirilgan bo‘lsa-da, ularning umumiy shakli Chevrolet Silverado EV modeliga o‘xshash ekani ko‘rinadi. Standart yuk eshigi o‘rnatilgan, biroq Multi-Flex tailgate opsiya sifatida saqlanib qolishi kutilmoqda.

Foto: GMAuthority

Pastki qismda yangilangan bamper, qayta ishlangan CornerStep kesimlari, to‘rt uchli (quad-tip) chiqarish tizimi va yangi markaziy qadam joyi mavjud.

Ma’lum qilinishicha, 2027-yilgi Silverado 1500 joriy yilning o‘zida rasman taqdim etiladi. Model to‘liq yangilangan tashqi va ichki dizayn, GM’ning 6-avlod Small Block arxitekturasiga mansub kamida ikki yangi dvigatel hamda texnologiya va qulaylik borasida sezilarli yaxshilanishlar bilan keladi. LTZ komplektatsiyasi esa yangi avlodda qaytmasligi aytilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Chevrolet Onix 2026 qanday xususiyatlarga ega ekani haqida yozgandi.