
Eng yaxshi 40 ta startapga 2 mlrd so‘m ajratiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqotida ma’lum qilindi.
Muloqotda Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Yoshlar ishlari agentligi «Fikringni ber» (Voice Up) inklyuziv oromgohini tashkil etib, yoshlar tashabbusi asosida o‘ndan ortiq loyihani amalga oshirgani qayd etildi.
Endilikda ushbu loyiha har bir hududda o‘tkazilib, 1 ming nafar yoshni qamrab oladi. Eng yaxshi loyihalarni taklif qilgan yoshlar ishtirokida Samarqand shahrida Xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohi tashkil etiladi.
Shuningdek, «O‘sish va rivojlanish» (Upshift) startap loyihasi kengaytiriladi. Bu yil media, dizayn, hunarmandchilik, ishlab chiqarish va innovatsiya yo‘nalishlarida ham tanlovlar o‘tkaziladi.
Yoshlarning eng yaxshi 40 ta startap loyihasini qo‘llab-quvvatlash uchun 2 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Yangi avlod tadbirkorlari» dasturi doirasida eng yaxshi 1 ming nafar bitiruvchining loyihasiga uch yil muddatga 200 mln so‘mgacha 7 foizli ssuda ajratilishi haqida xabar berilgandi.
Har yili «Yosh tadbirkorlar» tanlovi o‘tkaziladi. Eng yaxshi 100 ta loyiha brendga aylantiriladi va «Yoshlar venchurs» jamg‘armasidan 1 mlrd so‘mgacha mablag‘ bilan qo‘llab-quvvatlanadi.