
Huawei va JAC hamkorligidagi hashamatli elektromobil brendi Maextro bloger ustidan ochilgan tuhmat ishi bo‘yicha g‘alaba qozondi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Sud qaroriga ko‘ra, bloger kompaniyaga $43,4 ming miqdorida tovon to‘laydi. Mojoro 2025-yil boshida boshlangan. Maextro S800 sedani reklama roliklarida suv hamda qum to‘ldirilgan chuqurliklardan o‘tish sinovlari namoyish etilgan. Avtomobil Maybach S-Class bilan taqqoslangan. Videolarda S800 sinov maydonida iz qoldirmagani ko‘rsatilgan.

Bunga javoban Fraccino taxallusli avtomobil blogeri testlar soxtalashtirilganini da’vo qilgan. U bunday marketing uslubi Huawei bilan bog‘liq brendlar uchun xos ekanini aytgan.
2025-yil mart oyida Maextro blogerdan raddiya talab qilgan. Ammo u yana tanqidiy video e’lon qilgan. Shundan so‘ng JAC sudga murojaat qilgan. Dastlab kompaniya $140 ming miqdorida kompensatsiya talab qilgan edi.

24-fevral kuni sud birinchi instansiya qarorini chiqardi. Unda blogerning da’volari uydirma ekani va kompaniya obro‘siga putur yetkazgani qayd etildi. Sud blogerni ommaviy ravishda uzr so‘rash va $43,4 ming to‘lashga majbur qildi.
Maextro S800 2025-yil avgust oyida sotuvga chiqqan. Model narxi $100 mingdan yuqori segmentga kiradi. U hashamatli sedanlar orasida tezda ommalashdi. Jami savdo hajmi 14 ming donadan oshgan.

To‘liq elektr versiya 95 kVt/soat batareya va 523 ot kuchiga ega. CLTC sikliga ko‘ra, 702 km masofa bosib o‘tadi. EREV versiyasi esa kuchliroq motor va kengaytirilgan yurish zaxirasini taklif qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Huawei Maextro S800 BMW va Maybach’ni ortda qoldirgani haqida yozgan edi.