
Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani hokimligi qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi o‘zining o‘g‘liga tegishli fermer xo‘jaligining 11 gektar yer maydonini xaridorga sotish jarayonida pora olganligi aniqlandi. Bu haqda DXX ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bosh mutaxassis yerni $11 mingga sotishga kelishib, avvaldan $5 ming olgan. Keyingi $6 ming hamda tegishli hujjatlarni hokimlik va kadastr idoralarida rasmiylashtirish evaziga $700 talab qilgan. Xodim jami $6,7 ming olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlangan.
Hozirda bosh mutaxassisga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi hamda 28 va 211-moddalari 1-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 9 mln dollarlik yer savdosi fosh etilgan edi.